Gidrosfera - bu Yerning suv bilan qoplangan qismi. “Gidro” - suv, “sfera” esa shar degani. Yer yuzining to'rtdan uch qismini suv qoplab turadi. Lekin faqat okean, dengiz, ko'l va daryolarda emas, balki tuproqda, hatto tosh va minerallarda ham suv bor.
Barcha tirik jonzotlar asosini suv tashkil etadi. O'simlik va jonzotlarning ham tarkibi suvdan iborat. Masalan, sutemizuvchi jonzotlar vaznining yarmidan ko'prog'ini suv tashkil etsa, shilliqqurt, meduza kabi umurtqasiz hayvonlarda esa suv bundan ham ko'proq bo'ladi.
Suv hatto tosh va minerallarning tarkibida ham bor. To'g‘ri, ularda suv juda kam miqdorda bo'ladi, minerallardagi suv esa alohida holatda bo'lib, uni oddiy sharoitlarda siqib chiqarib bo'lmaydi.
Stakanga toza suv quyib, uning xossalarini o'rganib chiqing. Suvning qanday xossalarini aytib bera olasiz?
Suv - Yer yuzida eng ko'p tarqalgan modda. Toza suvning ta'mi ham, hidi ham, rangi ham bo'lmaydi. Stakandagi suv ham, vannadagi suv ham shaffof bo'ladi. Unday bo'lsa nima uchun daryodagi suv kulrang yoki jigarrang, dengizdagi suv esa ko‘k yoki havorang bo'ladi? Daryodagi suvning rangi unda erigan minerallarga yoki daryoning o‘zanidagi tuproqqa bog‘liq. Tuproqning bir qismi suvda erigani uchun uning rangi shunday bo‘lib qoladi.
Tajriba o'tkazing: suvda bir qoshiq tuproqni eritib, yaxshilab aralashtiring.
Suv shaffofligicha qoldimi?
Okean va dengiz suvlarining ko‘k yoki havorang bo‘lishiga sabab, uning o‘ziga xos xususiyati: shaffof bo'lsa ham, biroz ko'kimtir rangda ko‘rinishidir. Esingizda bo‘lsa, quyosh nuri yetti rangdan - qizil, zangori, sariq, yashil, havorang, ko‘k va binafsha ranglardan iborat edi. Suv esa ko‘k va havorangdan boshqa barcha rangdagi nurlarni qisman yutadi. Suv kam bo‘lsa, bu nurlarning yutilgani unchalik sezilmaydi, chunki nurlarning asosiy qismi suv orqali deyarli to'liq o'tadi. Shuning uchun suv sayoz bo‘lsa, uning tubi va u yerdagi narsalar ko'rinib turadi. Lekin havza chuqur bo'lsa, suv qolgan ranglarni ko'proq yutgani sababli, ko‘k rang sezila boshlaydi. Dengiz suvining ko'kimtir yashil bo'lishiga esa u yerda yashaydigan mayda suv o'tlari va jonzotlar sabab bo'ladi.