14

Yoqilg‘i nima uchun kerak?

Siz qanday yoqilg'i turlarini bilasiz? Eslab ko'ring. Bu yoqilg ilar qayerlarda ishlatiladi?

Motorning ishlab turishi, transport vositalarining yurishi, uylarning isishi, zavod va fabrikalarning faoliyat yuritishi uchun quvvat, ya'ni energiya kerak. Energiyaning turli manbalari bor: quyosh energiyasi, shamol energiyasi, yadro energiyasi, foydali qazilmalardan olinadigan energiya va hokazo. Foydali qazilmalardan energiya olish uchun ular yoqiladi. Ko'mir va tabiiy gazni hech qanday ishlov bermasdan yoqish mumkin bo'lsa, neftni esa avval benzin, mazut, dizel yoqilg'isi yoki kerosinga aylantirib olish kerak.

Neft

Neft - quyuq, yog'li, qoramtir rangli, o'ziga xos hidi bo'lgan yonuvchi suyuqlik. Foydali xossalari va qimmatbaho bo'lgani uchun u “qora oltin" deb ataladi. Odamlar neftdan juda qadim zamonlardan buyon foydalanib keladilar. Dastlab neftdan devorlarning yoriqlarini yamash va ularni mustahkamlashda foydalanganlar, keyinchalik esa uning yonish xususiyatini ham kashf qilishgan. XIX asrda neftdan kerosin, keyinchalik esa benzin ajratib olinishi kashf qilingach, neftning qiymati yanada ortdi.
Odatda, neft konlari yer qa'rida, juda chuqurda joylashgan boladi. Lekin ba'zan neft yer sathiga juda yaqin joylashgan bolib, tashqariga favvora bo‘lib otilib turadi. Neft qazib olish uchun chuqur quduqlar kovlab, qudratli nasoslar yordamida yer ostidan tortib olinadi. Neft faqat quruqlikdan emas, dengiz tubidan ham qazib olinadi.

Tabiiy gaz

Siz tabiiy gazni, odatda, oshxonada, gaz plitasida ko'rasiz. Gaz plitasida yonayotgan gazning asosi metan bo'lib, unga turli gazlar aralashgan bo'ladi. Bu gaz uylarni isitishda, taom tayyorlashda, zavod-fabrikalarda ishlatiladi. Bundan tashqari gazdan qurilish materiallari, plastmassa, rezina ham ishlab chiqariladi.