Havo atrofimizdagi barcha bo'shliqlarni to'ldirib turadi. Masalan, bo'sh idishda ham, paxta tolalarida ham, hatto tuproqda ham havo bor. Buni oddiy tajriba yordamida osongina tekshirib ko'rish mumkin.
Stakanga bir necha qoshiq tuproq solib, ustidan suv quying. Nimani sezdingiz? Endi xuddi shu tajribani yana bir bor takrorlang, faqat bu safar suv quyishdan oldin tuproqni yaxshilab aralashtiring. Bu ikki tajribaning qaysi birida havo pufakchalari ko‘proq chiqqanini solishtiring. Ularning qaysi birida havo ko‘proq chiqdi? Nima uchun?
Havoning rangi bo'lmaydi, u shaffof. Quyosh nurlari biror to'siqqa duch kelmaguncha, havodan bemalol o‘tib ketaveradi. Shuning uchun biz atrofimizdagi narsalarni ko'ramiz, lekin havoni ko'rmaymiz. Faqat tuman tushgan paytdagina biz havoni ko‘ra boshlaymiz. Nima deb o‘ylaysiz, nima uchun?
Shaffof shisha yoki plastik bo'lagini olib, ko'zingizga tutsangiz, atrofni bemalol ko‘ra olasiz. Endi uni og'zingizga yaqin olib kelib, bir necha marta puflasangiz, u “terlab”, xira tortib qoladi. Shisha hali ham shaffofmi? Shisha sirtida bug‘ paydo bo'lishiga sabab nima?
Havoning hidi ham bo'lmaydi. Havoda biror boshqa modda erisa, ana shu modda bug'larining hidi dimog'imizga uriladi.
Agar stol ustida atirning qopqog'ini ochiq holda qoldirsangiz, havoda qanday hid taraladi? Qurilish bo'layotgan joyda nimaning hidi keladi? Yomg'irdan keyin-chi?