Karimov fondi chet elda o‘qish uchun grant e’lon qildi

Karimov Fondi O‘zbekistonning iqtidorli va iste’dodli yigit-qizlari o‘rtasida chet elda tahsil olish uchun to‘rtinchi grantlar tanlovini e’lon qiladi.

Karimov Fondining yangi ta’lim grantlari quyidagi mutaxassisliklar bo‘yicha Yevropaning oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida tahsil olish imkonini beradi:

  • Qayta tiklanuvchan energiya manbalari;
  • Kimyo va kimyo texnologiyasi;
  • Suv va yer resurslarini boshqarish;
  • Mashinasozlik texnologiyalari;
  • Arxitektura. Bino va inshoatlar qurish;
  • Avtomobil yo‘llari, ko‘priklar, tonnellar, yo‘l o‘tkazgichlar va aerodromlarni loyihalash va qurish;
  • Tekstil sanoati texnologiyalari va uskunalari;
  • Turizm xizmatlarini tashkil etish va boshqarish;
  • Axborot xizmatlari va jamoatchilik bilan aloqalar.

Tanlovda ingliz, nemis yoki fransuz tillarini a’lo darajada bilgan, O‘zbekiston yoki chet el oliy ta’lim muassasasini bitirgan yoki uning so‘nggi kursida tahsil olayotgan, yoshi 35dan oshmagan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Grant sovrindorlarining chet elda tahsil olish va yashash xarajatlari (2 yilgacha) Fond tomonidan moliyalashtiriladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar onlayn qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun ko‘rsatilgan havola 2019-yil 15-oktyabrdan 10-noyabrgacha amalda bo‘ladi.

Quyidagi hujjatlar topshiriladi:

  • Fond tomonidan tasdiqlangan shakldagi tanlovda ishtirok etishga ariza;
  • Oliy ta’lim muassasasi rektori (tashkilot, korxona, muassasa rahbari) nomidan tanlovda munosib nomzod sifatida ishtirok etishi to‘g‘risidagi Tavsiyanoma;
  • Oliy ta’lim muassacasining oxirgi bosqichida tahsil olayotganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Pasport nusxasi;
  • Oliy ta’lim muassasasini bitirganligi to‘g‘risidagi Diplom nusxasi;
  • Baholari ko‘rsatilgan diplom ilovasi nusxasi yoki reyting daftarchasi nusxasi;
  • Tanlov ishtirokchisi tomonidan imzolangan «Chet el oliy ta’lim muassasalarida magistrlik dasturi bo‘yicha tahsil olish uchun Islom Karimov nomidagi respublika xayriya jamoat fondi ta’lim grantlarini olish bo‘yicha o‘tkaziladigan IV-tanlov Nizomi»dan ko‘chirma.

Hujjatlar topshirish muddati — 2019-yil 15-oktyabrdan – 10-noyabrgacha.

Karimov Fondi 2016-yil oktyabrda Lola Karimova-Tillyayeva va Tatyana Karimova tomonidan Mustaqil O‘zbekiston asoschisi va Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasiga bag‘ishlab ta’sis etilgan. Xorijdagi peshqadam universitetlarda tahsil uchun iqtidorli yoshlarga grantlar ajratish Fond faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

So‘nggi 3 yil mobaynida 32 nafar o‘zbekistonlik yigit va qizlar Karimov Fondining ta’lim grantlari orqali Germaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya, Rossiya va Polshaning peshqadam oliygohlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.